Mashhur bo‘lishni istaysizmi? “Maftuningman – 2” filmi uchun kastinglar boshlandi

 

yangilik1

Maftuningman – 2” filmi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘ylab o‘tkaziladigan kastinglarda 200 ga yaqin iqtidorli kishilar tanlab olinishi ko‘zda tutilgan

Do‘konlardagi Onlayn-TVlar va gazeta jurnallar, ijtimoiy tarmoqlar sahifalarida “Maftuningman – 2” filmi suratga olinayotgani va bu filmga oddiy odamlar orasidan haqiqiy iste’dod egalari tanlab olinishi haqidagi xabarlarga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Ayni damda “”Maftuningman – 2” kartinasida ishtirok etadigan debyutant aktyorlar uchun kastinglar o‘z ishini boshlash arafasida. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘ylab o‘tkaziladigan kastinglarda 200 ga yaqin iqtidorli kishilar tanlab olinishi ko‘zda tutilgan. “Qalampir.uz” sayti mazkur loyihada bosh axborot hamkori sifatida ishtirok etmoqda.

“Dono Productions” kinokompaniyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan mazkur kastingda ishtirok etmoqchi bo‘lgan iqtidor egalari “Dono.uz”  saytiga tashrif buyurgan holda maxsus anketani to‘ldirishlari lozim. Kastingning eng muhim jihatlaridan biri esa uning bepul emasligidir. Odatda bepul o‘tkaziladigan kastinglarda san’atdan umuman xabari bo‘lmagan, orzusi faqat mashhurlik bo‘lganlar ham qatnashib, tashkilotchilarning vaqtini o‘g‘irlaydi. Ular sabab haqiqiy iqtidor egalari chetda qolib ketishi ham mumkin. Shularni inobatga olgan holda tashkilotchilar kastingda ishtirok etish bahosini 10.000 so‘m etib belgiladilar. Bu pullar shunchaki havoga sarflanmaydi. Aksincha, ishtirokchilarning kastingda ishtirok etishlariga shart-sharoit yaratish, birinchi bosqichdan o‘tgan qatnashchilarni kamera qarshisida suratga olib, iqtidorlarini sinovdan o‘tkazishga, internet tarmoqlari orqali ularga ovoz to‘plash, odamlarga tanishtirish ishlariga sarf etiladi.

Filmning nomi nima uchun aynan “Maftuningman – 2” deb nomlangan, kasting xolis o‘tkaziladimi kabi savollar bilan biz “Dono Productions” kinokompaniyasi direktori Qobiljon Ahmedovga murojaat qildik.

Loyiha nima uchun “Maftuningman – 2” deb nomlangan yo uning “Maftuningman” filmi bilan bog‘liqligi bormi?
— 
Loyihaning “Maftuningman” filmiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi yo‘q. Lekin kasting jarayoni xuddi shu filmni eslatib yuboradi. Har bir viloyatdan iqtidorlarni qidirish, kasbi va yoshidan qat’i nazar iste’dod egalariga imkoniyat berish, butun respublikani qamrab olish va hokazo.

Shuning uchun biz ijodiy jamoa bilan maslahatlashgan holda, kasting jarayoni uchun ishchi nomni “Maftuningman – 2” deb nomladik. Kinoteatrga yetib kelgunga qadar nom o‘zgarishi ham mumkin.

Kastinglarda necha yoshdan ishtirok etish mumkin? Iqtidorli odamlarni tanlab olish, ular imkoniyatiga baho berishda nimalar inobatga olinadi?
— Kastingda ishtirok etish uchun yosh chegaralanmagan. yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan hamyurtlarimiz unda qatnashishlari mumkin. Kasting jarayonida bosh qahramon uchun nomzodlarning aktyorlik, kuylay olish va raqsga tushish mahorati sinchiklab o‘rganiladi. Boshqa rollar va epizodlar uchun nomzod mahoratidan kelib chiqqan holda yondashamiz. Kasting har bir viloyatda, o‘sha hududning ko‘zga ko‘ringan mutaxassislari ishtirokida o‘tkaziladi. Komissiya tarkibidan har bir viloyat musiqali drama teatri rejissyorlari, san’at kolleji pedagoglari o‘rin olishadi.

Shuningdek, noyob qobiliyat egalari ham kastingda ishtirok etishlari mumkin. Esingizda bo‘lsa, “Ivan Vasilevich o‘z kasbini o‘zgartiradi” filmida qulog‘ini ajabtovur qimirlata oladigan navkar filmga qo‘shimcha “bo‘yoq” bergan. O‘zbekistonda ham noyob iqtidor egalari judayam ko‘p. Ulardan filmda unumli foydalanish niyatimiz bor.

Kastingda qanday ishtirok etish mumkin? Bugunga qadar qancha hamyurtlarimiz ro‘yxatdan o‘tdi?
— Kastingda ishtirok etish uchun “Dono.uz” saytidagi anketani to‘ldirish lozim bo‘ladi. Anketadan nomzod haqidagi barcha ma’lumotlar, foto va video materiallar o‘rin olgan. Anketani to‘ldirgandan keyin nomzodga ID raqam beriladi. U ID raqam asosida 10 ming so‘m pul to‘lashi zarur (pulli qilinganiga sabab – kastinga jiddiy yondashishlarini ta’minlash, hazil-mazax va ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish). Kasting ishtirokchilariga qulaylik yaratish maqsadida respublikamizdagi mavjud barcha to‘lov tizimlari bilan shartnoma imzolangan. Ya’ni, nomzod U-Pay, Click, Mbank va Paynet to‘lov tizimlari orqali to‘lovni amalga oshira oladi.

Agar internetda anketa to‘ldirish imkoniyati bo‘lmasa, nomzodlar kasting o‘tayotgan joyning o‘zida qog‘oz variantdagi anketani to‘ldirishlari mumkin. Buning uchun pasport va 3 dono fotosuratni o‘zlari bilan olib kelishlari kerak. To‘lov naqd pul yoki plastik kartochka orqali amalga oshiriladi. Kasting o‘tkazish joylarida (butun respublika bo‘ylab) bankning sayyor kassasi tashkil etiladi va to‘lov bank xodimlari tomonidan qabul qilib olinadi.

1 iyun soat 13.00 ga qadar jami 738 nafar nomzod “Dono.uz” orqali anketa to‘ldirishga muvaffaq bo‘ldi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi –  32 nafar
Andijon viloyati – 31 nafar
Buxoro viloyati – 7 nafar
Jizzax viloyati – 30 nafar
Navoiy viloyati – 6 nafar
Namangan viloyati – 25 nafar
Samarqand viloyati – 50 nafar
Sirdaryo viloyati – 6 nafar
Surxondaryo viloyati – 12 nafar
Toshkent viloyati va shahri – 397 nafar
Farg‘ona viloyati – 126 nafar
Xorazm viloyati – 6 nafar
Qashqadaryo viloyati – 10 nafar

Bu raqamlar soniya sayin oshib bormoqda.

Filmda qancha aktyor ishtirok etadi?
— Filmda 200 nafarga yaqin aktyor ishtirok etadi. Eng asosiysi – ularning hammasi yangi qiyofalar bo‘ladi. Ya’ni, taniqli aktyorlar xizmatidan foydalanmaymiz. Bizning bosh maqsadimiz – yangi qiyofalarni kashf etish orqali o‘zining ulkan jamoasi va kelgusidagi yangi loyihalar uchun nomzodlar bazasini yaratish.

Bugun, hatto, taniqli san’atkorlar ishtirok etgan filmlardan ham pul topish juda qiyin bo‘lib qolgan. “Maftuningman – 2” sarflangan mablag‘ni oqlarmikin?
— Juda o‘rinli savol. Ijtimoiy tarmoqlarda judayam ko‘p yurtdoshlarimiz shu savolni berishmoqda. Biz yangi yo‘nalish tarafdorimiz. Ya’ni, bugun rivojlangan kinosanoat vakillari foydalanayotgan, sinovdan o‘tgan usullarni O‘zbekistonda amalga tadbiq etmoqchimiz. Filmni zo‘r qilib olish, unda qaysidir yulduzning ishtirok etishi, nomdor rejissyorning ishi bo‘lishi, oldin muvaffaqiyatlarga erishgan film ijodkorlarining navbatdagi tuhfasi… kabi jihatlar zamonaviy kinosanoatda hyech narsani hal qila olmaydi. Aniqrog‘i, muvaffaqiyatli kassani kafolatlamaydi.

Tan olish kerak, bugun kinoteatrlarda judayam yaxshi filmlar namoyish etilyapti. Lekin 10 kun, 20 kundan keyin prokatni torta olmay, o‘rnini boshqa filmga bo‘shatib beryapti. Katta byudjetli filmlar nari tursin, hattoki 60-70 million so‘m byudjetli filmlar ham xarajatni oqlay olmayapti. Nimaga? Rozi bo‘lsangiz, men bu savolingizga filmimiz premerasidan so‘ng javob bersam.

Umuman, bugun xususiy kinosanoatda mazmun kun sayin sayozlashib borayotgan bir davrda navbatdagi kartina bildirilgan ishonchni nima bilan oqlaydi? Ustiga-ustak ijodkorlarning aksariyati san’at borasida yetarli uquvga ega bo‘lmaganlar…
— Javobni oxiridan boshlasam. yetarli uquvga ega bo‘lmaganlar, ya’ni tajribaga ega bo‘lmagan aktyorlar guruhi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni sidqidildan bajaradi. Ularda tajriba yo‘q xolos, mahorati bor. Kasting bejizga o‘tkazilmayapti axir. Tajribasizlar qolipga tushib qolmagan bo‘ladi, demak undan unumli foydalansangiz, mashhur aktyorlarimizdan ko‘ra ko‘proq mahoratni ko‘rsatib bera oladi.

Xususiy kinosanoat (agar shunday deb atash to‘g‘ri bo‘lsa), men bu haqda biror bir fikr aytishdan o‘zimni ongli ravishda tiyaman. Bunga mutaxassislar va tomoshabin javob bergani ma’qul deb hisoblayman.

Bizning kartinaga bildiriladigan ishonchni oqlash uchun quyidagi omillarni muhim deb ko‘rsatgan bo‘lar edim:

Loyihaning xalqchilligi. Yurtdoshlarimiz kechagina o‘z saflarida yurgan, yurtimizda turli hududlarida istiqomat qiluvchi insonlarni katta ekranda ko‘radi.

Ommaviyligi. Filmni tasvirga olish ishlari boshlanmasdan turib, loyiha taniqlilikka erishadi. Boshqacha aytganda, kasting ham, tasvirga olish ishlari ham ommaning ko‘z o‘ngida amalga oshiriladi.

Ijodiy jamoaning yangiligi. Ishga chanqoq, yuqori maqsadlarni reja qilgan, tirikchilik tashvishlaridan nisbatan holi bo‘lgan, qo‘pol qilib aytganda “aynishga ulgurmagan” professional jamoa loyiha ustida ishlamoqda. Bu omil juda ko‘p narsani hal qilishi hyech kimga sir emas.

Oshkoraligi. Biz film bo‘yicha har bir ma’lumotni xalqqa yetkazamiz. Qancha odam ishtirok etdi, kimlarni tanlab olindi, byudjet miqdori, reklamaga qancha sarfladik va nihoyat prokat natijalari. Hali hyech kim bu ma’lumotlarni ochiq-oydin ma’lum qilmagan.

Kinokompaniya vakillari hali suratga olinmagan film, oxiriga yetmagan kasting haqida shu qadar zavq bilan gapirardiki, bu loyiha haqiqatan ham o‘zimizda amalga oshirilyaptimi yoki bu tomoshabinlar e’tiborini tortishning yayangi yo‘li, odamlarning pulini shilishning o‘sha “sinalgan” usulimi, deb o‘ylab qolasan kishi. Biroq kinokompaniyada olib borilayotgan ishlar, kastingga tayyogarlik, ssenariy tayyorlashdagi bahslarga o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘lgach, yuqoridagi gaplar shunchaki lof emasligiga amin bo‘ldik. Ko‘ramiz, ular berilgan va’dalarning ustidan qanchalik chiqishar ekan…

 

Manba: Qalampir.uz