«Maftuningman-2” – milliy va zamonaviy san’atimiz namoyishi

Barchamiz uchun qadrdon bo‘lib qolgan “Maftuningman” kinofilmi nomini eshitishimiz bilanoq yuzimizga beixtiyor tabassum yuguradi.

Klara Jalilova, Turg‘un Azizov, Abbos Bakirov, Nabi Rahimov, Ra’no Hamroqulova, San’at Devonov kabi buyuk iste’dodlar rol ijro etgan “Maftuningman” kinofilmini takror va takror ko‘rsak-da, undan zerikmaymiz. Chunki, oddiy xalq orasidan chiqqan san’at shaydolarini kashf etgan bu filmda qaysidir ma’noda o‘zimizni, yuragimiz tub-tubida yashiringan iste’dodimiz ro‘yobini ko‘rganday bo‘lamiz. Shuning uchundir, filmda yangragan har bir qo‘shiq, ommaviy sahnalar biz uchun juda tanish, juda qadrdon. Ularni tinglaganda beixtiyor kayfiyatimiz ko‘tariladi.

Yaqinda “Dono Productions” kinokompaniyasi ham shunday mas’uliyatli ishga, ya’ni “Maftuningman-2” kinofilmini yaratishga yaxshi niyatlar bilan qo‘l urgani va ushbu kinofilm uchun mamlakat bo‘ylab kasting e’lon qilingani haqida xabar tarqalgan edi.

 

Tan olish kerak, telekanallar, matbuot va internet saytlarida e’lon qilingan “Maftuningman-2” kastinggi hamyurtlarimiz orasida katta qiziqishga sabab bo‘ldi. Kastingning birinchi bosqichi 7-15 iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda asosan O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi, Davlat san’at va madaniyat instituti hamda boshqa san’at o‘quv muassasalari talaba-o‘quvchilari, shuningdek, havaskor fuqarolar faol ishtirok etishdi. Kastingda tajribali ekspert sifatida “Maftuningman” filmi yulduzlari, O‘zbekiston xalq artisti, professor Turg‘un Azizov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Klara Jalilova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ra’no Yarasheva, Lola Eltoeva, “Bulbulcha” bolalar ansambli badiiy rahbari Shermat Yormatovlar samarali faoliyat ko‘rsatishdi.

 

Bir hafta davom etgan dastlabki bosqichda 313 nafar talabgorlar kastingdan o‘tishdi. “Dono Productions” tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, kasting 2016 yil 10 iyuldan 1 avgustgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda, 1-10 avgust kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladi. Hozircha original loyiha sifatida ish boshlagan “Maftuningman-2” kinofilmini tasvirga olish ishlari avgust oyidan boshlanadi.

Manba: Pressnews.uz