KASTING ISHTIROKCHILARI DIQQATIGA

Hurmatli kastingda ishtirok etgan iqtidor egalari!

Avvalambor, ishchi nomi “Maftuningman-2” bo‘lgan musiqali badiiy film uchun o‘tkazilgan aktyorlar tanlovi – kastingda o‘z vaqtingiz va mablag‘ingizni ayamay ishtirok etganingiz, uzoq vaqt davomida bizning faoliyatimizni kuzatib, birga bo‘lganingiz uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz.

Ayni paytda nufuzli Hay’at tomonidan iqtidor egalari saralanib bo‘ldi. Hay’at a’zolarining ta’kidlashicha, kastingda ishtirok etishga o‘zida kuch topgan har bir nomzod filmda rol o‘ynashga loyiq. Minglab odamlar istehzo bilan qarab turgan bir vaziyatda, tanlovda ishtirok etib, o‘z qobiliyatini jur’at bilan namoyon etishning o‘zi bir jasorat. Shu sababli, O‘zingizga yuqori baho berishga har tomonlama haqlisiz.

Aksariyat nomzodlarga mazkur sms xabar yuborildi (yuborilmoqda):

Hurmatli ishtirokchi! «Dono Productions» aktyorlar bazasiga muvaffaqiyatli qabul qilindingiz. Kelgusi filmlarda Sizning mahoratingizdan albatta foydalanamiz. Bu haqda Sizga qo’shimcha xabar beriladi. Kastingda ishtirok etganingiz uchun rahmat!

Ushbu matnni tushunmay, turli savollarni yo‘llayotganlar uchun:

– Siz «Dono Productions» kinokompaniyasining aktyorlar bazasidan mustahkam o‘rin oldingiz (ya’ni Sizning qiyofangiz va iqtidoringiz mos keladigan rol uchun birinchi navbatdagi nomzod hisoblanasiz, qayta kastingdan o‘tkazilmaysiz. Ishtirokingizdagi foto va videomateriallar yetarli. Shuningdek, Siz istiqomat qilayotgan viloyatda s’yomka bo‘lgan paytda jarayonga albatta jalb qilinasiz, epizod va ommaviy sahnalar uchun);

– “Maftuningman-2” filmidagi bosh rollardan biriga tasdiqlanmadingiz, biroq viloyatingizda epizodlarda ishtirok etasiz. Bundan tashqari film uchun kastingdan olingan kadrlarda namoyon bo‘lish ehtimolingiz yuqori;

– Kasting uchun sarflagan mablag‘ingiz bilan kinokompaniya boy bo‘lib qolmaydi (kasting o‘tkazish jarayoni uchun nomzodlar to‘lagan puldan 7,5 barobar ko‘p mablag‘ sarlandi), aksincha Siz o‘z imkoniyatlaringizni tekshirib oldingiz. Kimdadir o‘ziga haqiqiy ishonch paydo bo‘ldi, kimdir bo‘lsa behuda orzu-havas qilayotganini tushundi.

– Hammaga ham ushbu sms yuborilmadi. Mas’ul xodimlar bosh rol o‘ynash uchun saralangan nomzodlarga telefon orqali bog‘lanadi.

– Eng asosiysi, Siz iqtidoringiz, e’tiboringiz bilan “Maftuningman-2” filmining ajralmas qismiga aylandingiz. Bu filmda mening ham hissam bor deyishga doimo haqlisiz! Kinokompaniyamiz hali ko‘plab filmlar oladi, nasib qilsa, Sizni yulduz qilish uchun hali bizda imkoniyat bo‘ladi.

– «Dono Productions» kinokompaniyasi faoliyatdagi yangiliklar bo‘yicha Sizga xabarlar yuborib turadi.