REJISSYOR SHUHRAT ABBOSOV BUGUN 86 YOSHNI QARSHILADI (FOTO)

O`zbek kino san`atining ulug` darg`asi, mashhur rejissyor, professor Shuhrat Abbosov bugun, 16 yanvar kuni 86 yoshga to`ldi. 

Shuhrat Abbosov “Mahallada duv-duv gap” (1960), “Sen etim emassan” (1962), “Toshkent – non shahri” (1967), “Abu Rayhon Beruniy” (1974), “Olovli yo`llar” (1977-1985), “Otamdan qolgan dalalar” (1997), “Dilor, Dilor, dil va or” (2015), “Yana mahallada duv-duv gap” (2016-2017) filmlariga rejissyorlik qilgan.

Shuhrat Abbosov SSSR xalq artisti, “Shuhrat” medali,  “El-yurt hurmati” ordeni va o`nlab xalqaro kinofestivallarda bosh mukofot sohibi bo`lgan va eng yaxshi rejissyor sifatida taqdirlangan.

Kinoijodkor Qo`qon shahrida dunyoga keldi. U 1949 yilda Toshkent tibbiyot texnikumi, 1954 yilda Toshkent davlat madaniyat institutini 1958 yilda “VGIK” (Butunittifoq kinematografiya oliy maktabi)da rejissyorlik kursini tamomlagan. U o`zining mehnat faoliyatini 1954 yilda Yangiyo`ldagi Toshkent viloyati musiqali drama teatri bosh rejissyorligidan boshlagan.

1958-1991 yillarda “O`zbekfilm” kinostudiyasi rejissyori, 1982-1986 yillarda kinostudiya direktori lavozimida ishlagan.

1983 yildan to hozirgi kunga qadar O`zbekiston davlat madaniyat va san`at institutida professional mutaxassis va pedagog sifatida talabalarga ta`lim bermoqda.

“Dono Productions”  kinokompaniyasi rejissyorning 86 yoshga to`lishi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Unda kinokompaniya vakillari, “Yana mahallada duv-duv gap” filmi ijodkorlari, Shuhrat Abbosovning shogirdlari, yosh rejissyor va aktyorlar ishtirok etishdi.













“Dono Productions” kinokompaniyasi o`zbek kinosining afsonasi Shuhrat Abbosovning tavallud ayyomiga bag`ishlab kichik rolik taqdim etdi.